Xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariya sabablarini texnik jihatdan tekshiruvchi komissiya tekshiruvga sanoat xavfsizligi, qidiruv, loyihalash, ilmiy-tadqiqot ishlari, sugʻurta, uskunalarni tayyorlash sohasidagi va boshqa sohalardagi ekspert tashkilotlari, ekspertlar va mutaxassislarni jalb etishi mumkin.
Xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilot va uning xodimlari, shuningdek boshqa tashkilotlar va davlat organlari oʻz vakolatlari doirasida xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariya sabablarini texnik jihatdan tekshiruvchi komissiyaga uning oʻz vakolatlarini amalga oshirishi uchun zarur axborotni taqdim etishlari shart.
Xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariya sabablarini texnik jihatdan tekshirish natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtirilib, unda avariya sabablari va holatlari, yetkazilgan zarar miqdori, sanoat xavfsizligi talablarining yoʻl qoʻyilgan buzilishlari, xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilotning bu buzilishlarga yoʻl qoʻygan xodimlari, avariyaning kengayib ketishiga yoʻl qoʻymaslik va uning oqibatlarini tugatish uchun koʻrilgan choralar hamda bunday avariyalarning oldini olishga qaratilgan takliflar koʻrsatiladi.
Xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariya sabablarini texnik jihatdan tekshirish xarajatlarini moliyalashtirish xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.